“SMART YUTUQLI OʻYINI”
REKLAMA AKSIYASINI OʻTKAZISH SHARTLARI BOʻYICHA
OMMAVIY OFERTA

Toshkent sh.
“20”-yanvar 2026-yil

  1. “Smart yutuqli o‘yini” aksiyasida (keyingi oʻrinlarda Aksiya deb yuritiladi) ishtirok etish uchun ushbu Ommaviy oferta (keyingi oʻrinlarda Oferta deb yuritiladi) “Smart yutuqli o‘yini” aksiyasida ishtirok etish shartlari va tartibini belgilaydi. Ushbu Oferta Aksiya ishtirokchisi tomonidan quyida ko‘rsatilgan shartlarda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirgan paytdan boshlab qabul qilingan hisoblanadi va Aksiya ishtirokchisi Ofertaning barcha shartlarini to‘liq hamda so‘zsiz qabul qilganini anglatadi.
  2. Ommaviy oferta https://smartpos.uz/ manzili bo‘yicha internet tarmog‘ida e’lon qilingan va joylangan. Aksiya ishtirokchilarini qoidalar haqida xabardor qilish Tashkilotchining https://smartpos.uz/ manzilida joylashgan veb-saytiga tegishli ma’lumotlarni joylashtirish orqali, shuningdek, Tashkilotchining xohishiga ko‘ra boshqa usullar, jumladan, rasmiy Telegram kanali, reklama bannerlari, tarqatiladigan varaqalar, flaerlar va boshqa vositalar orqali amalga oshiriladi.
  3. Aksiya tashkilotchisi “CENTER FOR DIGITAL TECHNOLOGY AND INNOVATION” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda Tashkilotchi deb yuritiladi). Yuridik manzili: Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 81-uy. Rekvizitlari: STIR: 306 344 019, hisob raqami: 2020 8000 0050 6594 4001, “HAMKORBANK” ATB Toshkent shahri filiali, MFO: 00083.
  4. Aksiya ishtirokchilari: O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa jismoniy shaxslar. Ular https://smartpos.uz/ veb-saytida joylashtirilgan Ommaviy ofertani qabul qilgan va Tashkilotchi bilan “SMART Business” dasturiy ta’minotidan (keyingi oʻrinlarda “SMART Business” DT deb yuritiladi) foydalanish huquqini olish bo‘yicha shartnoma tuzgan bo‘lishlari lozim.
  5. Aksiyani o‘tkazishdan maqsad: Aksiya tadbirkorlik subyektlarini Tashkilotchi tomonidan taqdim etiladigan “SMART Business” dasturiy ta’minotidan foydalanish huquqini sotib olish uchun rag‘batlantirishga qaratilgan.
  6. Taklif shartlari:
    Yutuqli o‘yinda ishtirok etgan g‘olib, Tashkilotchi va Ishtirokchi o‘rtasida tuzilgan “SMART Business” DTdan foydalanish huquqini berish to‘g‘risidagi shartnoma doirasida, yutuqli o‘yin yakunlari e’lon qilingan paytda foydalanayotgan “SMART Business” DTning tarif rejasidan bir taqvim oyi davomida bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
  7. Aksiyani oʻtkazish hududi: Oʻzbekiston Respublikasi
  8. Aksiyani o‘tkazish muddati: 2026-yil “1”-fevraldan 2026-yil “30”-aprelgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi (3 taqvim oyi). Aksiya davomida uchta yutuqli o‘yin o‘tkaziladi, bunda har bir taqvim oyida bittadan yutuqli o‘yin tashkil etiladi. Aksiyaning barcha g‘oliblari aniqlangach, uning amal qilishi to‘xtatiladi. Tashkilotchi tashabbusi bilan aksiya muddati istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin. Aksiya muddati o‘zgartirilganda yoki uzaytirilganda, ishtirokchilar bu haqda Tashkilotchining internet tarmog‘idagi manbalarida tegishli ma’lumotlar joylashtirilishi orqali qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.
  9. Aksiya rag‘batlantiruvchi reklama, ommaviy mukofot va’dasi, pul-buyum lotoreyasi yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yin hisoblanmaydi hamda ishtirokchilardan ishtirok etish uchun to‘lov talab qilinmaydi.
  10. Aksiyada qatnashish ixtiyoriy. Aksiya ishtirokchisi mezonlariga mos keladigan shaxs Aksiyada qatnashish va Oferta shartlarini qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni mustaqil ravishda va o‘z manfaatlarini ko‘zlab qabul qiladi. Ushbu Ommaviy ofertadagi hech bir band Aksiya ishtirokchisini biror harakatni bajarishga majburlash deb talqin qilinmasligi lozim. Aksiya ishtirokchisi istalgan vaqtda, jumladan, ushbu Ommaviy ofertada ko‘rsatilgan harakatlarni (shartlarni) bajarishni to‘xtatish orqali, qatnashishdan voz kechish huquqiga ega. Shu bilan birga, Aksiya ishtirokchisi Ommaviy ofertada bayon qilingan shartlarni bajarish orqali unda ishtirok etar ekan, “SMART Business” DT funksiyalaridan foydalanish uchun tarif rejasiga bepul bir oylik obunani faqat ushbu Ofertada nazarda tutilgan barcha harakatlar (shartlar) bajarilgandagina olishi mumkinligini tushunadi.
  11. Aksiya shartlari:
    • “Aksiya ishtirokchisi” maqomini olish uchun Tadbirkorlik subyekti “SMART Business” DTning foydalanuvchisi bo‘lishi lozim (ya’ni, Aksiya o‘tkazilayotgan davrda dasturiy ta’minot funksiyalaridan amalda foydalanishi kerak). Bu Tashkilotchi bilan tuzilgan “SMART Business” DT foydalanish huquqini beruvchi amaldagi shartnomaga asoslanishi va unda ko‘zda tutilgan tarif rejalaridan biriga ega bo‘lishi shart. Shuningdek, Tashkilotchining https://t.me/smartbusiness_uz manzilidagi rasmiy “Smart Business” Telegram-kanaliga obuna bo‘lish talab etiladi.
    • Yutuqli o‘yin har oyning 25-kunidan shu taqvim oyining oxirgi kunigacha o‘tkaziladi. Tashkilotchi Yutuqli o‘yin boshlanishidan kamida 3 (uch) ish kuni oldin o‘zining https://t.me/smartbusiness_uz manzilidagi rasmiy “Smart Business” Telegram-kanalida Yutuqli o‘yinda ishtirok etishga taklif qiluvchi axborot xabarini (postni) joylashtiradi. Mazkur axborot xabari Yutuqli o‘yin o‘tkaziladigan davr davomida kanal boshida e’lon holatida turishi lozim.
    • Yutuqli o‘yinda ishtirok etishini tasdiqlash maqsadida Tadbirkorlik subyekti Yutuqli o‘yin o‘tkazilishi haqidagi e’lon (post) ostidagi izohlar bo‘limiga “+” belgisini bilan izoh qoldirishi shart. Ushbu izohni joylashtirish mazkur Oferta shartlarini qabul qilish va Ishtirokchining Yutuqli o‘yin qoidalariga roziligini tasdiqlash hisoblanadi. “+” belgisi bilan takroran izoh qoldirish Ishtirokchiga aynan shu Yutuqli o‘yinda qayta ishtirok etish huquqini bermaydi. Tashkilotchi takroriy izohlarni Ishtirokchini qo‘shimcha xabardor qilmasdan hisobga olmaslik, o‘chirish va/yoki rad etish huquqiga ega. Bunda faqat vaqt jihatidan birinchi joylashtirilgan xabar inobatga olinadi.
    • Tashkilotchi O‘yinni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida Telegram-botdan foydalanadi. Bu bot avtomatik tarzda O‘yin o‘tkazilishi haqidagi axborot xabari (post) ostida qoldirilgan izohlar bo‘limidan ma’lumotlarni yig‘adi va qayta ishlaydi, shuningdek ishtirokchilar ro‘yxatini elektron jadval (Google sheets) ko‘rinishida shakllantiradi va yuritadi. Ushbu ro‘yxatda har bir ishtirokchi haqida quyidagi ma’lumotlar qayd etiladi:
      1. Xabar yuborilgan sana
      2. Ishtirokchining tartib raqami
      3. Foydalanuvchi identifikatori: user ID
      4. Foydalanuvchi nomi: Nikneym
      5. Aks ettiriladigan ism
      6. Xabar mazmuni (matni)
      7. Chat identifikatori: Chat ID raqami
      8. Xabar identifikatori: Xabar ID raqami
    • Ishtirokchilar ro‘yxatida (Google sheets) ma’lumotlarni to‘g‘ri aks ettirish va qayd etish uchun, Ishtirokchi Telegram messenjerida to‘g‘ri va faol foydalanuvchi nomini (username) ko‘rsatishi va uni saqlab turishi shart. Noto‘g‘ri foydalanuvchi nomi ko‘rsatilgan yoki umuman ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bu Ishtirokchini aniqlash va/yoki ma’lumotlarni to‘g‘ri qayd etishga to‘sqinlik qiladi. Bunday holatlarda, Ishtirokchi haqidagi ma’lumotlar hisobga olinmaydi va Ishtirokchi Aksiyada qatnashish huquqini yo‘qotadi.
    • Tashkilotchi Telegram-kanalida yutuqli oʻyin boshlanishidan kamida 1 (bir) soat oldin jadval e’lon qilinadi, unda ishtirokchilar o‘zlarining tartib raqamlari bilan tanishishlari mumkin. Har bir noyob foydalanuvchi nomiga bitta tartib raqami beriladi. Yutuqli oʻyin tashkilotchining rasmiy Telegram-kanalida soat 16:00 da jonli efir shaklida o‘tkaziladi. Jonli efir yozuvi yutuqli oʻyin o‘tkazilgan paytdan boshlab 24 soat davomida saqlanadi va ishtirokchilar tanishishi uchun saqlanib turadi.
    • G‘oliblar https://randstuff.ru/number/ tasodifiy raqamlar xizmati yordamida tasodifiy tarzda aniqlanadi. Bir oy davomida 10 ta yutuqli o‘yin o‘tkazilib, 10 nafar G‘olib tanlanadi. Yutuqli o‘yin yakunlanganidan so‘ng, Tashkilotchi vakillari G‘oliblar bilan Telegram orqali bog‘lanadi. Bepul tarif rejasi yutuqli o‘yin o‘tkazilgan oydan keyingi taqvim oyi uchun taqdim etiladi.
    • Bir taqvim oyida G‘olib bo‘lgan ishtirokchi keyingi taqvim oylarida ham O‘yinda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
  12. Ushbu Ommaviy ofertaning 11-bandida keltirilgan shartlar bajarilganda, Tadbirkorlik subyekti Aksiya ishtirokchisi maqomiga ega bo‘ladi va yutuqli o‘yinda g‘olib bo‘lish huquqini qo‘lga kiritadi. Yutuqni pul yoki boshqa har qanday ekvivalent shaklga ayirboshlash taqiqlanadi.
  13. Quyidagilar Aksiyada ishtirok etish huquqiga ega emas:
    1. Aksiya o‘tkazilish davrida ushbu Ofertaning 11-bandida ko‘rsatilgan shartlarni bajarmagan ishtirokchilar;
    2. O‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid ravishda olib borayotgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari.
  14. Tashkilotchi Aksiyada ishtirok etishning halolligini o‘zining mavjud texnik imkoniyatlari asosida mustaqil ravishda baholaydi. Tashkilotchi Aksiya davomida firibgarlikka to‘sqinlik qiluvchi qo‘shimcha texnik cheklovlarni istalgan vaqtda joriy etish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Tashkilotchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va ushbu Ommaviy oferta qoidalarini inobatga olgan holda, ishtirok etish uchun arizalarni haqiqiy emas deb topishi, shuningdek, ushbu Ommaviy ofertani va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablarini buzgan har qanday Tadbirkorlik subyektining ushbu Aksiyada keyingi ishtirokini taqiqlashi mumkin.
  15. Tashkilotchiga Tadbirkorlik subyektini Aksiya ishtirokchisi maqomidan chiqaradigan holatlar ma’lum bo‘lib qolsa (Ommaviy oferta shartlariga rioya qilmaslik, firibgarlik, Aksiyada g‘irromlik qilish, ataylab noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etish va hokazo), bunday tadbirkorlik subyektlari Aksiya ishtirokchilari ro‘yxatidan chiqariladi va “Smart Business” DT funksiyalaridan foydalanish uchun tarif rejasini bepul ulash huquqidan mahrum etiladi.
  16. Aksiya tashkilotchisi https://smartpos.uz/ veb-saytida joylashtirilgan Ommaviy oferta bilan tanishish imkoniyati yo‘qligi hamda Aksiya ishtirokchilarining ushbu Ofertada ko‘zda tutilgan shartlarni o‘z vaqtida yoki umuman bajarmagani uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.
  17. Aksiyada ishtirok etish orqali, Ishtirokchi ushbu Ommaviy oferta bilan to‘liq tanishganini va unga roziligini tasdiqlaydi. Shuningdek, o‘z xohishi va manfaatlarini ko‘zlab, Tashkilotchiga va u vakolat bergan shaxsga quyidagi ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash, uzatish (jumladan, transchegaraviy tarzda), foydalanish va saqlashga rozilik beradi: Ishtirokchi tomonidan taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, pasport ma’lumotlari, jinsi, ish va mobil telefon raqamlari, elektron pochta manzili, tadbirkorlik subyekti haqidagi ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari, yuridik manzili va boshqalar) hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida va ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar. Mazkur rozilik Tashkilotchining Aksiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi maqsadida beriladi. Bunda tadbirkorlik subyektining erkin xohish-irodasini qo‘shimcha tasdiqlash uchun yozma shakl yoki boshqa dalillar talab etilmaydi.
  18. Aksiya o‘tkazilishi jarayonida Ishtirokchi tomonidan uchinchi shaxslarning huquqlari buzilishi natijasida Tashkilotchiga nisbatan uchinchi shaxslar tomonidan qandaydir e’tirozlar bildirilgan taqdirda, Ishtirokchi bunday nizolarni mustaqil ravishda hal qilish va Tashkilotchini uchinchi shaxslarning shikoyat hamda da’volaridan xoli etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
  19. Aksiyada ishtirok etish orqali tadbirkorlik subyekti oldindan ogohlantirmasdan axborot va reklama tarqatmalarini qabul qilishga o‘z ixtiyoriy roziligini bildiradi. Bu tarqatmalarga quyidagilar kiradi, ammo ular bilan cheklanmaydi: SMS-xabarnomalar, elektron pochta orqali tarqatmalar, push-bildirishnomalar, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarga yuborilgan xabarlar, shaxsiy kabinet orqali tarqatmalar, aksiya va chegirmalar haqidagi xabarlar, faollashtiruvchi va trigger tarqatmalar, promo-tarqatmalar hamda kontent xatlar. Shuningdek, “SMART Business” DTning ishlashi bilan bog‘liq tizimli xabarlar va bildirishnomalarni ham olishga rozilik beradi.
  20. Tashkilotchi o‘z ixtiyori bilan, bir tomonlama tartibda, istalgan vaqtda oldindan ogohlantirmasdan va sabablarini tushuntirmasdan, Aksiyani to‘liq yakunlash, vaqtincha to‘xtatib qo‘yish, muddatini uzaytirish, shuningdek, ushbu Ommaviy ofertaga har qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Aksiyaning muddatidan oldin yakunlanishi, to‘xtatib qo‘yilishi, uzaytirilishi, Ommaviy ofertaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi e’tirozlar uchun asos bo‘la olmaydi. Aksiya o‘tkazilishini muddatidan oldin to‘xtatish, uzaytirish, Ommaviy ofertaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hollarida, Tashkilotchi bu haqda amaldagi va (yoki) boʻlajak Ishtirokchilarni o‘zining rasmiy veb-saytida: https://smartpos.uz/ va (yoki) Ishtirokchining shaxsiy kabinetida tegishli ma’lumotlarni joylashtirish orqali ochiq tarzda xabardor qilish majburiyatini oladi. Bundan tashqari, Tashkilotchi o‘z xohishiga ko‘ra tegishli ma’lumotlarni Facebook, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirish huquqini ham o‘zida saqlab qoladi.
  21. Tashkilotchi ushbu Ommaviy oferta shartlaridan tashqari tushunmovchiliklar, noto‘g‘ri talqinlar, taxminlar yoki fikrlar oqibatida yuzaga kelgan har qanday da’volar yoki zararlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Har qanday savollar, tushunmovchiliklar yoki boshqa bahsli vaziyatlar yuzaga kelganda, Aksiya ishtirokchisi ularni aniqlashtirish yoki hal qilish maqsadida Tashkilotchiga murojaat qilish orqali barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.
  22. Fors-major holatlar, jumladan, suv toshqinlari, yong‘inlar, ish tashlashlar, zilzilalar yoki boshqa tabiiy omillar, ommaviy epidemiyalar, davlat yoki huquqni muhofaza qilish organlarining farmoyishlari va Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa obyektiv sabablar yuzaga kelganda, Tashkilotchi o‘z majburiyatlarini bajarishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan vaziyatlar uchun Aksiya ishtirokchilari oldida javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.
  23. Ushbu Ommaviy ofertada nazarda tutilmagan barcha holatlarda, Aksiya tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga amal qiladi. Tomonlarning javobgarlik choralari hamda nizolarni hal etish tartibi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq belgilanadi.
  24. Ushbu Ommaviy Ofertada nazarda tutilmagan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi.
  25. Ushbu Ommaviy Ofertaning amal qilish muddati — Aksiya o‘tkazilish davri tugab, u bilan bog‘liq majburiyatlar bajarilgunga qadar.
  26. Ushbu Ommaviy taklif O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga yo‘naltirilgan. Aksiyada ishtirok etish Ommaviy taklifda bayon etilgan shartlarga to‘liq rozilik bildirish demakdir.


Tashkilotchi
“CENTER FOR DIGITAL TECHNOLOGY AND INNOVATION” AJ,
Manzil: Toshkent sh., Yashnobod tumani, Maxtumquli koʻchasi, 81.
STIR: 306344019,
h\r 2020 8000 0050 6594 4001 Toshkent sh. “HAMKORBANK” ATB,
MMT: 00083.
Bosh direktor: Andrey Ko.