“TRADE-IN”
AKSIYASINI O‘TKAZISH QOIDALARI BO‘YICHA
OMMAVIY OFERTA
Toshkent sh.
“12”-may 2026-yil
- “Trade-in” aksiyasida ishtirok etishga doir mazkur Ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda “Oferta” deb yuritiladi) “Trade-in” aksiyasida (keyingi o‘rinlarda “Aksiya” deb yuritiladi) ishtirok etish shartlari va tartibini belgilaydi. Shartnoma Aksiya ishtirokchisi tomonidan ushbu Ofertada nazarda tutilgan harakatlarni quyida ko‘rsatilgan shartlar asosida amalga oshirgan paytdan e’tiboran tuzilgan hisoblanadi va bu Aksiya ishtirokchisining Shartnomaning barcha shartlarini to‘liq hamda so‘zsiz qabul qilganini anglatadi.
- Ommaviy oferta Internet tarmog‘ida https://smartpos.uz/ manzilida e’lon qilingan va barcha uchun ochiq sanaladi. Ishtirokchilarni Aksiya qoidalari haqida xabardor qilish tegishli ma’lumotlarni Tashkilotchining https://smartpos.uz/ manzilidagi veb-saytida joylashtirish, shuningdek, Tashkilotchining ixtiyoriga ko‘ra boshqa usullar, jumladan, reklama bannerlari, tarqatma materiallar, flayerlar va boshqa vositalar orqali amalga oshiriladi.
- Aksiyaning tashkilotchisi – “CENTER FOR DIGITAL TECHNOLOGY AND INNOVATION” AJ (keyingi o‘rinlarda “Tashkilotchi” deb yuritiladi). Yuridik manzili: Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 81-uy. Rekvizitlari: STIR: 306 344 019, h/r: 2020 8000 0050 6594 4001, “HAMKORBANK” ATB Toshkent shahri bo‘limi, MFO: 00083.
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan va o‘z xo‘jalik faoliyatida turli rusumdagi onlayn nazorat-kassa mashinalari (onlayn-NKM), jumladan, UZKASSA N5 va UZKASSA P100 onlayn-NKMlaridan foydalanadigan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa jismoniy shaxslar Aksiya ishtirokchilari bo‘lishi mumkin. A-Pay P10 rusumli onlayn1NKMdan foydalanadigan tadbirkorlik subyektlari bundan mustasno (bunday tadbirkorlik subyektlari Aksiya ishtirokchisi bo‘la olmaydi). Ushbu Oferta byudjet tashkilotlariga nisbatan qo‘llanmaydi. Byudjet tashkilotlarining Aksiyada ishtirok etishi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda elektron savdo maydonchasi orqali tuziladigan alohida shartnoma asosida amalga oshiriladi.
- A-Pay P10 rusumli onlayn-NKMdan foydalanadigan tadbirkorlik subyektlarining Aksiyada ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu Oferta byudjet tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- Aksiyada ishtirok etishning majburiy sharti – “Start Trade-in” tarif rejasi bo‘yicha “SMART Business” dasturiy ta’minoti (DT) servisiga kamida 6 (olti) oy muddatga ulanish va buning uchun oldindan to‘lovni amalga oshirish sanaladi. Aksiya ishtirokchisi, shuningdek, FMO bilan kelgusida integratsiya qilish uchun DTni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, shuningdek, Uzcard DTni joriy etish xizmatlari uchun haq to‘lashi shart. Bundan tashqari, ilgari foydalanishda bo‘lgan onlayn nazorat-kassa mashinasini alohida oldi-sotdi shartnomasi asosida Tashkilotchi foydasiga o‘tkazish ham ishtirok etishning qo‘shimcha majburiy sharti hisoblanadi.
- Aksiyani o‘tkazishdan maqsad: Aksiya onlayn-NKM va DTni ommalashtirish, Tashkilotchining mijozlar bazasini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlarining raqamli yechimlardan foydalanishga qiziqishini rag‘batlantirish, shuningdek, bozorda mahsulot va servislarning tanilish darajasini oshirishga qaratilgan.
- Aksiya doirasida Ishtirokchining umumiy majburiyatlari qiymati 1 277 200 (bir million ikki yuz yetmish yetti ming ikki yuz) so‘mni tashkil etadi va “SMART Business” DTning onlayn-servisidan “Start Trade-in” tarif rejasi bo‘yicha 6 (olti) oy davomida foydalanganlik uchun abonent to‘lovini, shuningdek, FMO bilan keyingi integratsiya uchun dasturiy ta’minotni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash xizmatlari hamda Uzcard dasturiy ta’minotini joriy etish xizmatlari uchun EHF taqdim etgan holda to‘lovni oʻz ichiga oladi.
Ushbu Aksiya doirasida Ishtirokchi alohida oldi-sotdi shartnomasi asosida avval foydalanishda bo‘lgan onlayn-NKMni (keyingi o‘rinlarda “eski uskuna” deb yuritiladi) Tashkilotchining mulkiga topshirish majburiyatini oladi. Eski uskunaning qiymati qat’iy 412 000 (to‘rt yuz o‘n ikki ming) so‘m miqdorida belgilanadi va Aksiya doirasida Ishtirokchining pul majburiyatlarining bir qismini bajarish hisobiga o‘zaro hisob-kitob qilinadi.
Ushbu o‘zaro hisob-kitobni inobatga olgan holda, Ishtirokchi 865 200 (sakkiz yuz oltmish besh ming ikki yuz) so‘m miqdorida bir martalik qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirish majburiyatini oladi.
O‘z navbatida, Tashkilotchi eski uskunani sotib olgach, Ishtirokchiga A-Pay P10 (Android POS Terminal P10) modelidagi yangi onlayn-NKMni taqdim etadi va Aksiyada nazarda tutilgan xizmatlarni ko‘rsatadi. Yangi onlayn-NKMni topshirish EHF rasmiylashtirilgan holda qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Eski uskunani topshirish, u shartnoma tuzilayotgan sanada soliq organlarida ro‘yxatdan chiqarilgan, uchinchi shaxslarning har qanday huquqlaridan xoli bo‘lgan taqdirda, shuningdek, nazorat-kassa texnikasiga xizmat bir TXKMdan boshqasiga o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilgan bo‘lsa, alohida oldi-sotdi shartnomasi va qabul qilish-topshirish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
-
Ishtirokchi tomonidan topshiriladigan eski uskunani baholash Tashkilotchi tomonidan uning texnik holati, butligi, ishga yaroqliligi, tashqi shikastlanishlari mavjudligi va hokazolarni hisobga olgan holda, uskuna topshirilgan sanada amalga oshiriladi. Aksiyada ishtirok etish maqsadida eski uskunaning qiymati 412 000 (to‘rt yuz o‘n ikki ming) so‘m miqdorida hisobga olinadi, agarda uskuna Tashkilotchining minimal talablariga javob bersa, jumladan: soliq organlarida ro‘yxatdan chiqarilgan bo‘lsa, nazorat-kassa texnikasiga xizmat ko‘rsatish belgilangan tartibda bir TXKMdan boshqasiga o‘tkazilgan bo‘lsa, soz holatda bo‘lsa, ishga yaroqliligini bazaviy tekshirish imkoniyati mavjud bo‘lsa, jiddiy shikastlanishlari bo‘lmasa va hokazo. Agar uskuna ko‘rsatilgan talablarga javob bermasa, Tashkilotchi uni qabul qilishni rad etishga yoki Ishtirokchi bilan kelishgan holda o‘zaro hisob-kitob uchun boshqa qiymatni belgilashga haqli. Kelishilgan qiymatni Tomonlar alohida oldi-sotdi shartnomasida qayd etadi va Aksiya shartlari bo‘yicha Ishtirokchi to‘lashi kerak bo‘lgan summani hisoblashda inobatga olinadi.
- A-Pay P10 rusumli yangi onlayn-NKM Ishtirokchiga faqat ushbu Aksiya qoidalarining talablariga rioya qilinganda, shuningdek, ushbu Ommaviy ofertada belgilangan Aksiyada ishtirok etishning barcha talablari to‘liq va o‘z vaqtida bajarilgan taqdirdagina taqdim etiladi. Aksiya talablari qisman yoki o‘z vaqtida bajarilmagan holatlarda imtiyozlar va maxsus shartlar berilmaydi.
- Mazkur Aksiya doirasida 865 200 (sakkiz yuz oltmish besh ming ikki yuz) so‘m miqdorida bir martalik to‘lovni amalga oshirish hamda eski uskunani Tashkilotchiga topshirish Ishtirokchi tomonidan to‘lov vaqtida amalga oshirilgan ommaviy ofertaning Aksepti hisoblanadi. Akseptni amalga oshirish Ishtirokchining ushbu Aksiyaning barcha shartlariga to‘liq roziligini bildiradi.
- Aksiyada ishtirok etishga faqat A-Pay P10 rusumli onlayn-NKMni xarid qilish va “SMART Business” dasturiy ta’minotini Aksiya ishtirokchisi bo‘lgan tadbirkorlik subyektining o‘z nomiga ulash maqsadida yo‘l qo‘yiladi. Onlayn-NKMni xarid qilish, “SMART Business” dasturiy ta’minotini ulash, shuningdek, keyinchalik FMO bilan integratsiya qilish uchun DTni joriy etish va texnik kuzatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish hamda Uzcard DTni boshqa tadbirkorlik subyektining manfaatlarini ko‘zlab, uning topshirig‘iga binoan yoki uning uchun joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu bandning buzilishi Aksiya qoidalari shartlarining buzilishi hisoblanadi va buning natijasida Aksiya bunday Ishtirokchiga nisbatan qo‘llanmaydi, maxsus shartlar va imtiyozlar berilmaydi.
- Aksiyaning o‘tkazilish hududi: O‘zbekiston Respublikasining butun hududi.
- Aksiyaning o‘tkazilish davri: 2026-yil 12-maydan boshlanib, Aksiyada ishtirok etayotgan Tashkilotchining 1 000 (bir ming) dona uskunasi (A-Pay P10 onlayn NKM) to‘liq taqsimlanib bo‘lgunga qadar amal qiladi. Aksiya ko‘rsatilgan miqdordagi onlayn NKMlar doirasida o‘tkaziladi va limitga yetgach, Aksiya ishtirokchilarini qo‘shimcha ravishda xabardor qilish, ushbu Ommaviy ofertaga o‘zgartirishlar kiritish yoxud alohida bildirishnomalar e’lon qilish zaruriyatisiz, Aksiyaning tugash kalendar sanasidan qat’i nazar, avtomatik ravishda to‘xtatiladi. Tashkilotchi istalgan vaqtda o‘z tashabbusi bilan Aksiyaning o‘tkazilish muddatini o‘zgartirish yoki uzaytirish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Aksiyaning muddati o‘zgartirilgan yoki uzaytirilgan taqdirda, Ishtirokchilar Tashkilotchi tomonidan uning Internet tarmog‘idagi resurslarida tegishli axborotni joylashtirish orqali qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.
- Aksiya mukofotni ommaviy va’da qilish, pul-buyum lotereyasi yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa biror o‘yin hisoblanmaydi hamda Ishtirokchilardan ishtirok uchun to‘lov talab etmaydi.
- Aksiyada ishtirok etish ixtiyoriydir. Tadbirkorlik subyekti Aksiyada ishtirok etish va Oferta shartlarini akseptlash (qabul qilish) to‘g‘risidagi qarorni mustaqil ravishda va o‘z manfaatlaridan kelib chiqib qabul qiladi. Mazkur Ommaviy ofertadagi hech bir qoida Aksiya ishtirokchisini biror-bir harakatni bajarishga majburlash sifatida talqin qilinmasligi lozim.
- Mazkur Oferta shartlarini bajarmagan Ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari Aksiyada ishtirok etishga da’vogarlik qila olmaydi.
- Tashkilotchi o‘zida mavjud texnik imkoniyatlar asosida Aksiyadagi ishtirokning halolligini mustaqil ravishda baholaydi. Tashkilotchi Aksiya o‘tkazilayotgan davrda firibgarlikning oldini oluvchi qo‘shimcha texnik cheklovlarni istalgan vaqtda joriy etish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Tashkilotchi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va mazkur Ommaviy ofertaning qoidalarini inobatga olgan holda, o‘z xohishiga ko‘ra mazkur Ommaviy ofertani buzayotgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablariga rioya etmayotgan har qanday tadbirkorlik subyektining mazkur Aksiyadagi ishtirokini haqiqiy emas deb topishi, shuningdek, uning keyingi ishtirokini taqiqlab qo‘yishi mumkin.
- Agar Tashkilotchiga tadbirkorlik subyektini Aksiya ishtirokchisi maqomidan mahrum qiluvchi (Ommaviy oferta shartlariga rioya qilmaslik, firibgarlik, Aksiyada vijdonsizlarcha ishtirok etish, bila turib yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish va shu kabi) holatlar ma’lum bo‘lib qolsa, bunday tadbirkorlik subyektlari Aksiya ishtirokchilari safidan chiqariladi hamda mazkur Ommaviy oferta bilan belgilangan imtiyozlar, afzalliklar va (yoki) maxsus shartlarni olish huquqidan mahrum etiladi.
- Aksiya Tashkilotchisi Ishtirokchilarning Tashkilotchi tomonidan https://smartpos.uz/ saytida joylashtirilgan Ommaviy oferta bilan tanisha olmaganligi, mazkur Ofertada nazarda tutilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaganligi/bajarmasligi, yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari (tabiiy ofatlar, epidemiyalar, davlat organlarining farmoyishlari va Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa obyektiv sabablar) yuzaga kelganligi hamda Ishtirokchilarning xatti-harakatlari munosabati bilan uchinchi shaxslar tomonidan bildirilgan e’tirozlar uchun javobgar bo‘lmaydi.
- Aksiyada ishtirok etish bilan Ishtirokchi ushbu Ommaviy ofertani to‘liq o‘qib chiqqanini va unga roziligini tasdiqlaydi, shuningdek, o‘z xohish-irodasi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab, Tashkilotchiga hamda u vakolat bergan shaxsga Ishtirokchi tomonidan taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlarni (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, pasport ma’lumotlari, jinsi, ish va mobil telefon raqamlari, elektron pochta manzili, tadbirkorlik subyekti haqidagi ro‘yxatga olish ma’lumotlari, yuridik manzili va h.k.) va boshqa ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan holatlar va hajmda yig‘ishga, qayta ishlashga, uzatishga (shu jumladan transchegaraviy uzatishga), foydalanishga va saqlashga rozilik beradi. Bunda Tadbirkorlik subyektining erkin xohish-irodasini qo‘shimcha tasdiqlash uchun yozma shakl yoki boshqa dalillar talab qilinmaydi.
- Aksiyada ishtirok etish bilan Ishtirokchi ushbu Ommaviy ofertani to‘liq o‘qib chiqqanini va unga roziligini tasdiqlaydi, shuningdek, o‘z xohish-irodasi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab, Tashkilotchiga hamda u vakolat bergan shaxsga Ishtirokchi tomonidan taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlarni (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, pasport ma’lumotlari, jinsi, ish va mobil telefon raqamlari, elektron pochta manzili, tadbirkorlik subyekti haqidagi ro‘yxatga olish ma’lumotlari, yuridik manzili va h.k.) va boshqa ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan holatlar va hajmda yig‘ishga, qayta ishlashga, uzatishga (shu jumladan transchegaraviy uzatishga), foydalanishga va saqlashga rozilik beradi. Bunda Tadbirkorlik subyektining erkin xohish-irodasini qo‘shimcha tasdiqlash uchun yozma shakl yoki boshqa dalillar talab qilinmaydi.
- Tadbirkorlik subyekti Aksiyada ishtirok etib, oldindan ogohlantirmasdan axborot va reklama xabarnomalarini (jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda: SMS-xabarnomalar, e-mail xabarnomalar, push-bildirishnomalar, messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, shaxsiy kabinetga yuboriladigan xabarnomalar, aksiyalar, chegirmalar, qayta faollashtirish, trigger va promo-xabarnomalar, kontentli xatlar) olishga o‘zining ixtiyoriy roziligini beradi, shuningdek, Ishtirokchiga tegishli Onlayn NKM cheklarida axborot va reklama takliflarining hamda “SMART Business” DT ishlashi bilan bog‘liq tizimli xabarlar va bildirishnomalarning aks ettirilishiga so‘zsiz rozi bo‘ladi.
- Tashkilotchi o‘z xohishiga ko‘ra, bir tomonlama tartibda, istalgan vaqtda, oldindan ogohlantirmasdan va sabablarini tushuntirmasdan Aksiyani to‘liq yakunlash, vaqtincha to‘xtatib turish, uzaytirish, shuningdek, ushbu Ommaviy ofertaga har qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Aksiyaning muddatidan oldin yakunlanishi, to‘xtatilishi, uzaytirilishi, Ommaviy ofertaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi da’volar uchun asos bo‘la olmaydi. Aksiya muddatidan oldin to‘xtatilgan, uzaytirilgan, Ommaviy ofertaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda, Tashkilotchi bu haqda amaldagi va (yoki) bo‘lajak Ishtirokchilarni o‘zining https://smartpos.uz/ manzilidagi rasmiy Saytida tegishli ma’lumotni joylashtirish orqali omma oldida xabardor qilish majburiyatini oladi. Shuningdek, Tashkilotchi o‘z tanloviga ko‘ra tegishli ma’lumotni Facebook, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
- Tashkilotchi ushbu Ommaviy oferta shartlaridan chetga chiqadigan tushunmovchiliklar, noto‘g‘ri talqinlar, taxminlar yoki fikrlar tufayli yuzaga kelgan har qanday da’vo yoki zararlar uchun javobgar emas. Har qanday savol, tushunmovchilik yoki boshqa bahsli vaziyatlar yuzaga kelganda, Aksiya ishtirokchisi Tashkilotchiga murojaat qilish orqali ularga aniqlik kiritish / ularni hal etish uchun barcha choralarni ko‘rishi shart.
- Mazkur Ommaviy ofertada nazarda tutilmagan barcha masalalarda Aksiya Tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga tayanadi.
- Mazkur Ommaviy ofertaning amal qilish muddati – Aksiya o‘tkazish davri tugaguniga hamda u bilan bog‘liq majburiyatlar bajarilguniga qadar.
- Ushbu Ommaviy oferta O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga qaratilgan. Aksiyada ishtirok etish Ommaviy ofertada bayon etilgan shartlarga to‘liq rozilikni anglatadi.
Tashkilotchi
«CENTER FOR DIGITAL TECHNOLOGY AND INNOVATION» AJ,
Manzil: Toshkent sh., Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 81.
STIR: 306344019
h/r 2020 8000 0050 6594 4001, “HAMKORBANK” ATB Toshkent sh. filiali
MMT: 00083
Bosh direktor Andrey Ko N.