Hech oʻylab koʻrganmisiz, Asl Belgisi, JShDS, YaTT, QQS yoki elektron hisob-faktura kabi tushunchalar aslida nimani anglatadi? Ushbu atamalarni tadbirkorlar deyarli har kun eshitadi — biznesni roʻyxatdan oʻtkazishda, soliqlar bilan ishlaganda, tekshiruvlar paytida yoki davlat tizimlari bilan oʻzaro muloqot vaqtida. Biroq ushbu atamalarning ma’nosi va ahamiyati amaliyotda doim ham tushunarli boʻlmasligi mumkin.
Biznes yuritish bu — shunchaki sotuvlar va daromad emas, balki hujjatlar, soliqlar, hisobotlar va nazorat talablari bilan muntazam ishlashdir. Bazaviy biznes va soliq atamalarini bilmaslik xatoliklarga, jarimalarga va ortiqcha xavf-xatarlarga olib kelishi mumkin, garchi faoliyatning oʻzi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa ham.
Aynan shu sababli asosiy atamalarni tushunish — har bir tadbirkor uchun majburiy asos. Ushbu atamalar lugʻati soliq solish, biznes shakllari, hujjatlar aylanmasi, raqamli markirovka va nazorat organlari bilan bogʻliq eng muhim atamalarni tushunishga yordam beradi. Biz oddiy va tushunarli til bilan tadbirkorlar har kuni toʻqnash keladigan atamalarni tushuntiramiz.
1. Asosiy biznes va soliq atamalari
Mazkur atamalar har qanday tadbirkorning moliyaviy faoliyati asosini tashkil etadi. Ular soliqlarni hisoblaah va chiqimlarni optimallashtirishni tushunishga yordam beradi.
- QQS (Qoʻshimcha qiymat soligʻi) — tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va sotishning har bir bosqichida qo‘shilgan qiymatdan olinadigan bilvosita soliq. Hozirgi kunda QQS stavkasi 12 foizni tashkil etadi.
- Daromad solig‘i — tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromaddan xarajatlar chiqarib tashlangandan so‘ng to‘lanadigan bevosita soliq.
- Aylanmadan olinadigan soliq — tovarlar yoki xizmatlarni sotishdan tushgan pul mablag‘larining umumiy summasidan olinadigan soliq. Kichik biznes uchun soddalashtirilgan tizim bo‘yicha qo‘llaniladi.
- JShDS (jismoniy shaxslarning daromad solig‘i) — fuqarolarning ish haqi, dividendlar va tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlaridan undiriladigan soliq. Soliqning asosiy stavkasi 12 foizni tashkil etadi.
- Ijtimoiy soliq — pensiya, tibbiy va ijtimoiy ta’minotni qo‘llab-quvvatlaydigan ijtimoiy sug‘urta jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar.
- Aksiz solig‘i — ma’lum toifadagi tovarlar (alkogol ichimliklar, tamaki mahsulotlari va yoqilg‘i) narxiga kiritilgan hamda ishlab chiqaruvchilardan undiriladigan bilvosita soliq. U qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) hisoblashda inobatga olinadi.
2. Biznes shakllari va roʻyxatdan oʻtkazish
Biznes shaklini tanlash mas’uliyat, soliqlar va boshqaruv shaklini belgilab beradi.
- YaTT (yakka tartibdagi tadbirkor) — yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxs.
- MCHJ (mas’uliyati cheklangan jamiyat) — yuridik shaxs bo‘lib, uning ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha o‘z hissalari doirasidagina javobgar hisoblanadi.
- Yuridik shaxs — mustaqil mulkiy javobgarlikka, huquqlarga va majburiyatlarga ega tashkilot.
- Ustav kapitali — ta’sischilar tomonidan korxonaga ro‘yxatdan o‘tkazish paytida kiritiladigan pul mablag‘lari yoki mulk summasi bo‘lib, majburiyatlarni bajarishning kafolati sifatida xizmat qiladi.
- Ta’sischi — tashkilotni yaratuvchi hamda ustav kapitaliga o‘z hissasini qo‘shuvchi jismoniy yoki yuridik shaxsdir.
3. Shartnoma va moliyaviy atamalar
Ushbu tushunchalar kelishuvlar va mablagʻlarni tartibga soladi va bahsli vaziyatlarning oldini olishga yordam beradi.
- Shartnoma — ikki yoki undan ortiq tomonlar o‘rtasida o‘zaro huquq va majburiyatlarni tartibga soluvchi kelishuv.
- Hisobvaraq-faktura (EHF) — tovar jo‘natilganini yoki xizmat ko‘rsatilganini tasdiqlaydigan hamda QQS hisoblash uchun asos bo‘ladigan hujjat (shu jumladan elektron shakldagi EHF ham).
- Bajarilgan ishlar dalolatnomasi — ishlar yoki xizmatlarning bajarilgani va qabul qilinganini tasdiqlovchi hujjat.
- Kontragent — ishchi aloqalar olib borilayotgan shaxs yoki tashkilot.
- Debitorlik qarzi — kontragentlarning korxonaga yetkazib berilgan mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lashi lozim bo‘lgan mablag‘lar.
- Kreditorlik qarzi — korxonaning o‘z kontragentlariga to‘lashi kerak bo‘lgan mablag‘lar.
4. Boshqaruv tashkilotlari va davlat tizimlari
Ushbu tashkilotlar soliqlar va tovarlarning qonuniyligini nazorat qilish orqali biznesning shaffofligini ta’minlash va foydalanuvchi huquqlarini himoya qilishda asosiy rol oʻynaydi.
- DSQ (Davlat soliq qo‘mitasi) — soliqlarning yig‘ilishini va soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qiluvchi organ.
- CRPT Turon — tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat qilish va qonuniyligini tekshirishni amalga oshiruvchi raqamli markirovka tizimi operatori.
- Asl Belgisi — mahsulotlarning haqiqiyligi va belgilangan standartlarga muvofiqligini tasdiqlash bilan shug‘ullanadigan tizim.
5. Raqamli markirovka bilan bogʻliq atamalar
- Markirovka — mahsulotning asl va qonuniy ekanligini tasdiqlash uchun unga maxsus belgilar qo‘yish jarayoni.
- Raqamli markirovka — mahsulotni yetkazib berish zanjirining barcha bosqichlarida kuzatish uchun noyob raqamli kod (masalan, Data Matrix) qo‘llash.
- Data Matrix — mahsulotning noyob raqamli identifikatoridan iborat ikki o‘lchamli shtrix-kod.
- Agregatsiya — markirovka kodlarini yagona to‘plamga birlashtirish jarayoni bo‘lib, masalan, mahsulotlarni qadoqlashda qo‘llaniladi.
- Markirovkalanadigan tovar toifalari — majburiy markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovar turlari ro‘yxati (tamaki, spirtli ichimliklar, pivo, maishiy texnika, suv/ichimliklar, dori-darmonlar).
- Markirovka to‘g‘risidagi yangi qaror — markirovka va markirovkalangan mahsulotlar aylanmasini nazorat qilishga qo‘yiladigan talablarni tartibga soluvchi dolzarb huquqiy me’yorlar.
6. Hujjatlar aylanmasi
Raqamlashtirish hujjatlar aylanmasi jarayonini soddalashtiradi.
- Elektron hujjat aylanmasi — yuridik ahamiyatga ega hujjatlarning elektron shaklda almashinishi, tezlik va xavfsizlikni ta’minlaydi.
- EHF (elektron hisob-faktura) — QQS hisobi va to‘lovi uchun ishlatiladigan hisobvaraq-fakturaning elektron versiyasi.
- Hisobotlar — nazorat qiluvchi organlarga muntazam ravishda topshiriladigan, korxonaning moliyaviy holati va soliq ko‘rsatkichlarini aks ettiradigan hujjatlar to‘plami.
7. Kassa va hisob-kitoblar
- Ekvayring — terminallar orqali bank kartalaridan naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish xizmati.
- Onlayn-kassa — sotuvlarni qayd etish, fiskal ma’lumotlarni soliq idoralariga onlayn uzatishni ta’minlaydigan qurilma.
- Fiskal chek — xarid amalga oshirilganini tasdiqlovchi kassaning fiskal xotirasiga kiritilgan hujjat.
- Fiskal to‘plagich — hisobot uchun fiskal ma’lumotlarni saqlaydigan maxsus qurilma yoki dasturiy vosita.
- Naqdsiz hisob-kitob — tovarlar yoki xizmatlar uchun naqd pul ishlatmasdan bank o‘tkazmalari yoki kartalar orqali to‘lash.
- Naqd hisob-kitob — naqd pul bilan to‘lash.
- POS-terminal — bank kartalari bilan bogʻliq amallarni bajarish uchun to‘lov terminali.
8. Huquqbuzarliklar, nazorat va xavf-xatarlar
- Soliq tekshiruvi — soliq organlarining soliqlarning to‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishini tekshirishga qaratilgan nazorat faoliyati.
- Jarima — qonunchilikni buzganlik uchun undiriladigan pul miqdori.
- Penya — soliqlar yoki jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun qo‘shimcha undiriladigan pul miqdori.
- Ma’muriy javobgarlik — qonun hujjatlari normalarini buzganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan choralar.
- Moliyaviy xatarlar — biznesning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hodisalar natijasida yuzaga keladigan yo‘qotishlar ehtimoli.
- Nazorat organlari – qonunchilik normalari va faoliyat qoidalariga rioya etilishini tekshiruvchi va nazorat qiluvchi davlat tashkilotlari.
Asosiy atamalarni bilish va tushunish — biznesingiz muvaffaqiyatiga kiritilgan sarmoyadir. Atamalar lugʻati nafaqat soliq va tartibga solish tizimi ikir-chikirlarini tushunishni osonlashtiradi, balki xatolardan saqlanishga, vaqt va manbalarni tejashga yordam beradi. Undan kundalik ma’lumotnoma sifatida foydalaning, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni kuzatib boring — shunda biznesingiz muvaffaqiyatli korxonaga aylanadi.